26-iyun
IT Park Uzbekistan va Astana Hub Buyuk Britaniyadagi London Tech Week 2025 ko‘rgazmasida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda
IT Park Uzbekistan Astana Hub bilan birgalikda Buyuk Britaniyaga tashrif va London Tech Week 2025’da ishtirok etish doirasida xalqaro kompaniyalar va innovatsion ekotizimlar vakillari bilan bir qator strategik uchrashuvlar o‘tkazdi. Asosiy maqsad sheriklik aloqalarini kengaytirish, Markaziy Osiyoga investitsiyalarni jalb qilish va mahalliy startaplarning tashqi bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi.
Autsorsing va hamkorlikni rivojlantirish
Matthew Spaul (Strategy EMEA, Scale) va Makul Gupta (Founder & CEO, Capital Numbers) bilan uchrashuvda O‘zbekistonda IT-autsorsingga e’tibor qaratgan holda ofis ochish bo‘yicha qadamlar muhokama qilindi. Ikkala kompaniya ham bozorni chuqurroq o‘rganish va unga kirishga tayyorgarlik ko‘rish uchun xorijiy kapital ishtirokidagi IT Park rezidentlari bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, ularning Toshkentda bo‘lib o‘tadigan ICT Week doirasida ishtirok etishi va O‘zbekistonda yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish masalalari bo‘yicha onlayn maslahatlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Buyuk Britaniya bozoriga kirishni qo‘llab-quvvatlash
Outfly.io kompaniyasining innovatsiyalar va rivojlanish bo‘yicha direktori Pol Manning Buyuk Britaniyada kengayishga intilayotgan startaplar uchun qo‘shma akseleratsiya dasturlarini ishga tushirishga qiziqish bildirdi. Uchrashuv doirasida IT Park Uzbekistan’ga startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha maslahat yordami ko‘rsatish va o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Xalqaro tadbirlar bilan hamkorlik
Xalqaro texnologik tadbirlarning yetakchi tashkilotchilari - HICOOL (Xitoy), Dublin Tech Summit (Irlandiya), TechEx Events (Buyuk Britaniya), FinTech Armenia va Beyond Expo (Makao) IT Park’ga bepul stendlar taqdim etishga va O‘zbekiston kompaniyalarini o‘zlarining rasmiy dasturlariga kiritishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Bundan tashqari, ularning Toshkentda bo‘lib o‘tadigan ICT Week’da ishtirok etishi va qo‘shma marketing kampaniyalarini o‘tkazishi bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Marketing va maslahat yordami
Academia Park, Hewlett Rand, Tamimi Consulting va Be Brio kompaniyalari IT Park Uzbekistan rezidentlariga Buyuk Britaniya, Turkiya, Yevropa va Fors ko‘rfazi mamlakatlari bozorlariga chiqish bo‘yicha maslahatlar berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Bundan tashqari, Ata Arguder (Academia Park) Toshkentda bo‘lib o‘tadigan ICT Week’ga panel sessiyasini tashkil etish va delegatsiyani olib kelishni taklif qildi.
Mintaqaviy startaplar muvaffaqiyati
Forumda ishtirok etish doirasida mahalliy startaplar - Realsoft, EdSmart, Geomotive va Onebuy (Mirasoft) hamda Buyuk Britaniya kompaniyalari va venchur fondlari vakillari o‘rtasida 12 ta maqsadli uchrashuv o‘tkazildi. Shuningdek, Britaniya va xalqaro ta’lim tashkilotlari bilan muloqot yo‘lga qo‘yildi. Muhokama qilingan mavzular orasida sun’iy intellekt yechimlarini integratsiyalash, akademik firibgarlikka qarshi kurashish va diasporali mamlakatlar bozorlariga chiqish bor.
IT Park Uzbekistan Astana Hub bilan birgalikda Markaziy Osiyo IT-ekotizimini global texnologik xaritaga faol integratsiya qilishni davom ettirmoqda, startaplar va texnologik kompaniyalarni o‘sishining har bir bosqichida qo‘llab-quvvatlamoqda.
Mavzular: